2019-yil 30-iyulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish" loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ-4409 qarori qabul qilindi va Jahon banki guruhiga kirayotgan Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirilayotgan "O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish" loyihasi ishlab chiqildi.
Loyiha respublikaning aholi yashash punktlarida shahar infratuzilmasini yaxshilash, jumladan, suv taʼminoti va oqova suv tarmog‘i tizimini yaxshilash, piyodalar hamda velosipedlar yo‘laklarini obodonlashtirish, loyihalash va taʼmirlashga qaratilgan hamda boshqa bir qator amaliy tadbirlarni o‘z ichiga oladi.
Xususan, may oyi holatiga ushbu loyiha doirasida Namangan viloyatining Chortoq tumanida 17-sonli sobiq bolalar bog‘chasi binosining energiya samaradorligini qayta taʼmirlash va oshirish ishlari olib borilmoqda. Bolalar bog‘chasi binosini "Yoshlar ijodiyoti markazi"ga moslashtirish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, “Krantas” MCHJ, «Kran va maxsus texnikalari» MCHJ, “C&H International Co. Ltd» QK hamda «C&H Industry” kompaniyalari bilan Chortoq, Kogon va Yangiyo‘l - uchta shaharga xizmat ko‘rsatish uchun maxsus texnika yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.
Xarid qilinayotgan maxsus texnikaga xizmat ko‘rsatish va uni saqlash maqsadida uchta shaharda garajlar qurish uchun pudratchi tashkilotini tanlash bo‘yicha tender savdosi o‘tkazildi. Hozirgi vaqtda pudratchi tashkilotlar bilan shartnoma tuzish yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.
Loyihaning ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvi tizimlarini qayta taʼmirlash, shaharlarni obodonlashtirish, Kogon shahrida madaniy meros obyektlarini tiklash, Chortoq shahrida velosiped va piyodalar eko-yo‘lakchasini qurish kabi boshqa komponentlari bo‘yicha loyiha-smeta va tender hujjatlari ishlab chiqilmoqda. Shu bilan birga, loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun konsalting kompaniyalarini tanlash jarayoni davom etmoqda.