O'zbekcha Русский Ўзбекча English

2019 yil 30 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining №PQ-4409-sonli “O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga muvofiq, Jahon banki guruhiga kiradigan Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshiriladigan “O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasi ishlab chiqildi.

Loyihaga muvofiq respublika aholi punktlarida shahar infratuzilmasini yaxshilash, shu jumladan, suv taʼminoti va kanalizatsiya tarmog‘ini yaxshilash, piyodalar va velosiped yo‘laklarini obodonlashtirish, loyihalash va qurishga qaratilgan qator amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Taʼkidlash kerakki, bu - pilot loyihadir u kabi loyihalar O‘zbekistonda bundan oldin amalga oshirilmagan. Loyihaning maqsadi – shaharsozlik yechimlari orqali shaharlarning iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashishdan iborat.

Shunday qilib, joriy yilning avgust oyidayoq loyiha doirasida Namangan viloyatining Chortog‘ shahridagi 17-sonli sobiq bolalar bog‘chasi binosini rekonstruksiya qilish va energiya samaradorligini oshirish ishlari olib borilmoqda. Bog‘cha binosi “Yoshlar ijodiyoti markazi”ga moslashtirilishi rejalashtirilgan.

17-sonli sobiq bolalar bog‘chasi binosini rekonstruksiya qilish paytida loyihaning asosiy vazifasi binoning asl meʼmoriy va tarkibiy qismlarini hamda elementlarini saqlab qolishdir. Taʼmirlanayotgan obyekt ijod qilish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan noyob madaniy bino bo‘ladi.

Loyiha shaharlarining ekologik muhitini saqlash, shuningdek, tuman hokimliklarining avtomobillar bazasini rivojlantirish maqsadida 43 ta maxsus texnikani sotib olishni ko‘zda tutadi. Hozirgi kunda maxsus uskunalar ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchilar bilan shartnomalar imzolangan. Tuzilgan shartnomalar shartlariga muvofiq maxsus uskunalarni qisman yetkazib berish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Sotib olingan maxsus texnikaga xizmat ko‘rsatish va uni saqlash maqsadida Chortog‘ va Kogon shaharlarida garajlar qurish uchun pudratchilarni tanlash bo‘yicha tender savdolari yakunlandi. Hozirgi kunda pudratchilar tomonidan qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. Yangiyo‘l shahrida garaj majmuasi qurilishi uchun pudratchilarni aniqlash maqsadida tender eʼlon qilindi. Pudratchi tashkilotlardan takliflar qabul qilishning oxirgi kuni etib 31.08.2021y. belgilandi.

Shu bilan birga, Chortog‘ shahridagi eski bozorni rekonstruksiya qilish bo‘yicha pudratchini tanlash bo‘yicha tender savdolari yakunlandi. Hozirgi vaqtda shartnoma muzokaralari davom etmoqda.

Uch shaharda ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish paketi bo‘yicha maslahatchi – Corporate Solutions Consulting Limited QK (Yetakchi/Buyuk Britaniya) / Engineering Consultants Groups (Misr) va Diamond Network Ltd (O‘zbekiston) qo‘shma korxonasi tomonidan loyiha-smeta va tender hujjatlarini ishlab chiqish yakunlandi va ijobiy ekspert xulosasi olindi. Hozirgi kunda hujjatlar sanoat Ilmiy-texnik kengashi va sotib olish komissiyasi aʼzolari tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Chortog‘ shahrida velosiped va piyodalar eko-yo‘lagini qurish paketi bo‘yicha loyiha smetalari va tender hujjatlarini ishlab chiqish ishlari yakunlandi. Hujjatlar Qurilish vazirligiga ekspertizaga taqdim etildi.

 “Kogon, Chortog‘ shaharlarini obodondlashtirish, shuningdek, Kogon-Buxoro avtobus yo‘nalishini tashkil etish”ga oid xarid qilish paketiga ko‘ra, loyiha-smetalari va tender hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha konsalting kompaniyasini tanlashga doir tender savdolari yakunlandi. Konsalting kompaniyasi bilan shartnoma muzokaralari olib borilmoqda.

Shu bilan birga, “Amirning Saroyi va unga yondosh hududni, shuningdek, Kogon shahridagi boshqa madaniy meros obyektlarini qayta tiklash va moslashtirib ulardan qayta foydalanish” komponenti doirasida loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda yordam berish uchun konsalting kompaniyasini tanlash jarayoni davom etmoqda.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech