O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Fransuz biznesi O'zbekistonda o'z faoliyatini kengaytirmoqda

Joriy yilning 17 noyabr kuni Hukumat delegatsiyasining Fransiyaga tashrifi doirasida O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Fransiyaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan bir qator uchrashuvlar o'tkazdi.

Qo'shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishda kompaniyalarning ishtirok etish istiqbollarini muhokama qilishga bag'ishlangan ushbu muzokaralarda mamlakatimiz manfaatdor vazirlik va idoralari rahbarlari ham ishtirok etdi.

Xususan, "Alstom" kompaniyasining bosh direktori Anri Pupar-Lafarj bilan suhbat chog'ida shahar jamoat transportini tashkil etish sohasida kompaniyaning yechimlarini joriy qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Ma'lumot uchun: 1928 yilda tashkil etilgan Alstom temir yo'l transporti ishlab chiqaradigan eng yirik mashinasozlik kompaniyalaridan biridir. Uning shtati taxminan 74 ming kishini tashkil qiladi. Shuningdek, kompaniya transport va yo'lovchilar oqimini raqamli boshqarish bo'yicha yechimlarni ishlab chiqmoqda. Kompaniya dunyoning 70 mamlakatida amalga oshirgan sotuv savdo aylanmasining hajmi 2021 yilda 15,5 milliard yevroni tashkil etdi.

Uchrashuv doirasida tomonlar yangi loyihalarning texnik-iqtisodiy parametrlarini batafsil ishlab chiqish bo'yicha qo'shma sa’y-harakatlarni davom ettirishga kelishib oldilar.

Voltaliya kompaniyasi bosh ijrochi direktori Sebastyan Klerk bilan O'zbekistonda quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo'yicha bir qator investitsiya loyihalarini amalga oshirishda kompaniyaning ishtirok etish istiqbollari muhokama qilindi.

Ma'lumot uchun: Voltalia 2005 yilda tashkil etilgan. Kompaniya ob'ektlarining umumiy quvvati 1,9 GVt va istiqbolli loyihalar portfeli 10,7 GVt dan oshadi. Kompaniya dunyoning 20 mamlakatida faoliyat olib boradi.

Muloqot davomida kompaniyaning butun dunyo bo'ylab elektr energiyasini ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish bilan birga ob'ektlarning ishonchliligi va ish sifatining yuqori darajasini ta'minlash bo'yicha katta tajribasi ta'kidlandi. Kompaniya rahbariyati, o'z navbatida, O'zbekistonda vakolatxona ochish va muqobil energetika ob'ektlarini qurishga qiziqish bildirdi.

Orano Mining kompaniyasining Bosh direktori Nikolya Meys bilan uchrashuvda tomonlar investitsiya hamkorligini kengaytirishning hozirgi holati va istiqbollarini konstruktiv tarzda muhokama qildilar.

Energetika sanoati uchun uskunalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Orano kompaniyasi rahbariyati o'zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga qiziqish bildirmoqda. Shu munosabat bilan aniq loyihalarni muhokama qilish jarayonida O'zbekiston tomoni mamlakatimizda qo'shma loyihalarni amalga oshirishda investorlarga to'liq yordam ko'rsatishga tayyorligini ta'kidladi.

Uchrashuv yakunlari bo'yicha o'zaro munosabatlarning ko'rib chiqilgan yo'nalishlarini ilgari surish bo'yicha navbatdagi tadbirlar ishlab chiqildi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech