O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Oʻzbekiston-Qirgʻiziston koʻp qirrali hamkorligini chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi

Joriy yilning 18-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjaev va Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari Baxit Toroboyev o‘rtasida videokonferensiya tarzida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Kengaytirilgan tartibda o‘tkazilgan ushbu muloqotda ikki davlatning vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari va diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ham ishtirok etdi.

Uchrashuvda sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari, shuningdek, qo‘shma tadbirlarni o‘tkazishning tashkiliy jihatlari yuzasidan fikr almashildi.

Xususan, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish sohasida qishloq xo‘jaligi texnikasi va avtomobillar, qurilish materiallari, kaltsiy karbid ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish istiqbollari muhokama qilindi. Shu nuqtai nazardan, chegaraoldi hududda Sanoat kooperatsiyasi markazini tashkil etish, to‘qimachilik majmuasi va quvvati 6,7 MVt bo‘lgan Kogart kichik gidroelektr stansiyasini qurish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Tomonlar investitsiya kelishuvlari to‘plamini ishlab chiqishni imkon qadar tezroq yakunlash bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

Qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qilib, tomonlar birgalikda oziq-ovqat va urugʻlik kartoshka yetishtirishni tashkil etish, chorvachilik komplekslarini yaratish, shuningdek, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, issiqxonalar uchun uskunalar va jun mahsulotlari ishlab chiqarish uchun xomashyo yetkazib berish boʻyicha hamkorlikni faollashtirishga kelishib oldilar.

Transport va logistika sohasidagi hamkorlik sohasida yoʻlovchi avtobuslari va temir yoʻl tashishlarini qayta tiklash, ikki davlat oʻrtasidagi aviaqatnovlar sonini koʻpaytirish, shuningdek, “Irkeshtam - Daroot - Qoʻrgʻon - Uch-Qoʻrgʻon” avtomobil yoʻlini qurish imkoniyatlari muhokama qilindi. Tomonlar ushbu yo‘nalishda barcha zarur choralarni ko‘rishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Uchrashuvda alohida tartibda Bishkek shahrida Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Qirg‘iziston Hukumatlararo qo‘shma komissiyasining 10-yigʻilishi va biznes-forumni ikki mamlakat mintaqalari rahbarlari ishtirokida yuqori tashkiliy darajada va mazmun jihatidan boyitilgan tarzda o‘tkazish masalalarini ko‘rib chiqdilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama qilingan masala va tashabbuslarni amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida faol hamkorlikni davom ettirishga o‘zaro sodiqlik bildirildi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech