O'zbekcha Русский Ўзбекча English

O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari rahbarlari uchrashuvi

Joriy yilning 2-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xoʻjayev Samarqandda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hukumatlari rahbarlari darajasidagi qoʻshma komissiyaning 3-majlisida ishtirok etdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Rossiya Federatsiyasi Hukumati raisi Mixail Mishustin raisligida o‘tgan yig‘ilishda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va o‘zaro hamkorlik munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari muhokama etildi

Joriy yilning 15 sentyabrida Prezidentlar – Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin tomonidan O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolangani taʼkidlandi.

Hukumatlar oldiga turli sohalarda amaliy hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish vazifasi qo‘yilgan.

Majlisda istiqbolli sarmoyaviy loyihalar va savdo shartnomalarining amalga oshirilishini taʼminlash hamda madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirish rejalarini kelishib olindi.

Keyingi besh yilda O‘zbekistonda Rossiya sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar soni uch baravar ko‘payib, qariyb uch mingtaga yetdi. Birgina joriy yilda 700 ta korxona tashkil etildi.

O‘z navbatida Rossiyada ham o‘zbek kapitali ishtirokida mingga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda.

Bugungi kunda davlatlarimiz o‘rtasida qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika, elektrotexnika va mashinasozlik sohalarida sanoat kooperatsiyasi rivojlanmoqda.

Tomonlar transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorligi bildirildi. Joriy yilda yuk tashish hajmi 21 foizga oshgani, bunda tranzit yuk tashishlar salmog‘i 25 foizga ko‘paygani mamnuniyat bilan qayd etildi. Shu bilan birga hududlar orqali tranzit yuk tashishda ishonchli transport-logistika zanjirlarini shakllantirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish zarurligi taʼkidlandi.

Taʼlim va ilm-fan, madaniyat sohalaridagi hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarning muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Ayni paytda O‘zbekistonda Rossiyadagi oliy taʼlim muassasalarining 14 ta filiali faoliyat yuritmoqda.

Majlis yakuniga ko‘ra, o‘zaro hamkorlikni yana-da rivojlantirishga qaratilgan o‘ndan ortiq hujjat imzolandi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech